Adliya vazirligi tomonidan muassasa shaklidagi “Yangi media ta’lim markazi” nodavlat notijorat tashkiloti davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
- Markazning asosiy maqsadi – aholining axborotga bo‘lgan talabini qondirish, internetning milliy segmentini g‘oyaviy jihatdan boyitish, yoshlarda tajovuzkor kontentga nisbatan mustahkam immunitetni shakllantirishdir.
Shuningdek, ommaviy axborot vositalari, nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik sub’ektlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari vakillarining mediasavodxonligini hamda axborot xizmatlari xodimlari, jurnalistlar va blogerlarning malakasini oshirish markaz faoliyatining yana bir yo‘nalishi.
Yangi NNTni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani haqidagi guvohnomani topshirish tadbirida markazning oldiga qo‘ygan xayrli maqsadini to‘laqonli bajarishiga ishonch bildirildi. Shu bilan birga milliy axborot xavfsizligini ta’minlashga ko‘maklashish, axborot sohasiga oid qonunlar va dasturlarni ishlab chiqish hamda qabul qilishda qonun tashabbuskorlari, jamoat fondlari, parlament va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik olib borish kabi mas’uliyatli ishlarga ham markaz mutaxassislari ko‘mak ko‘rsatishi maqsadga muvofiq.
“Yangi media ta’lim markazi” NTT xalqaro va milliy media makondagi yetakchi mutaxassislarni jalb qilgan holda seminar-treninglar, davra suhbatlari, mahorat maktablari, press-turlar, o‘quv ijodiy laboratoriya mashg‘ulotlari, to‘garaklar, maxsus o‘quv kurslarini tashkil etishni rejalashtirgan.
Milliy OAVning xalqaro axborot hududidan munosib o‘rin egallashishiga ko‘maklashish, milliy jurnalistikani nazariy jihatdan rivojlantirish uchun ushbu yo‘nalishlarda mutaxassislarni jalb qilgan holda darsliklar, elektron darsliklar, o‘quv va metodik qo‘llanmalar yaratish masalalariga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Yoshlarda internetdan samarali foydalanish ko‘nikmalarini hosil qilish, feyk va manipulyativ axborotlarga nisbatan ularda immunitetni shakllantirishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, ta’lim muassasalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
Davlat va nodavlat tashkilotlari uchun PR kampaniyalar, ivent-menejment, marketing va brending, imijmeyking, krizis menejmentga yo‘naltirilgan loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etish, respublika va xalqaro miqyosidagi media ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va uni joriy etishda markaz bevosita ishtirok etadi.
———————-
Manzil: 100123, Ozbekiston Respublikasi, Toshkent, Uchtepa tumani, Zargarlik ko`chasi, 62-uy.
- Sayt: http://nmec.uz
- E-mail: info@nmec.uz
- Facebook: New Media Education Center