Matbuot kotibi yangi raqamli muhitda qanday faoliyat olib boradi?

Matbuot kotibi yangi raqamli muhitda qanday faoliyat olib boradi?

Bugun Samarqand viloyat Matbuot uyida bo‘lib o‘tgan “Yangi raqamli muhitda jamoatchilik bilan aloqalarni samarali olib borish masalalari: imkoniyatlar va chellenjlar” mavzusidagi o‘quv-seminarida shu va boshqa mavzularda so‘z yuritildi.

Tadbirda axborot sohasidagi yangi qonunchilik: so‘nggi islohotlarning mazmun-mohiyati, kontentni vizuallashtirish materialning autentik ta’sirni kuchaytirishning zamonaviy usullariga e’tibor qaratildi.

Shuningdek, o‘quv-seminarida mahoratli trener– «Yangi media ta’lim markazi» nodavlat-notijorat tashkiloti direktori, filologiya fanlari doktori Beruniy Alimov tomonidan fotokontent yaratishning zamonaviy talablari, axborot xizmati faoliyatida dezinformatsiya va misinformatsiyaga qarshi kurash, onlayn faktcheking instrumentlaridan foydalanish usullar mavzularda mahorat darslari tashkil etildi.

Trener Beruniy Alimovning taʼkidlashicha, ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilari tomonidan axborotlarning 82 foizi vizual shaklda tez va oson qabul qilinayotgan bugungu kunda matbuot kotibi fotokontent yaratishning zamonaviy talablarini yaxshi oʻzlashtirgan bo`lishi zarur.

-Aks holda ko`zlagan maqsadimizga erishishimiz qiyin kechadi, -dedi B.Alimov oʻz chiqishi davomida.

Shuningdek, mutaxassislar tomonidan sohaga doir qonunchilik, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida jamoatchilik bilan aloqalarni samarali olib borish, axborot tarqatishning o‘ziga xos jihatlari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga nisbatan munosabat bildirish kabi bir qator muhim mavzularda tavsiyalar berildi.

-Bugungi yangi raqamli texnologiyalar davrida jamoatchilik bilan aloqalarni samarali o`rnatish, aholiga to`g`ri va haqqoniy axborot taqdim etish biz matbuot kotiblarining muhim vazifalaridan sanaladi,-dedi Ishtixon tumani hokimligi axborot xizmati rahbari Maxsud Tursunov.

– Bu jarayonda ko`pincha xatolarga yo`l qo`yamiz yoki shoshma-shosharlik bilan ish tutamiz. Shu maʼnoda bugungi oʻquv seminari biz uchun juda foydali boʻldi deb oʻylayman.

Tadbir ishtirokchilari Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati rahbari Baxtigul Qarshiyeva tomonidan amalga oshirilgan ishlar taqdimoti bilan tanishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Agentlikning Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi, Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida o‘tkazilayotgan ushbu seminarda tumanlar va shaharlar hokimliklari va korxona-tashkilotlarning qirqqa yaqin axborot xizmati rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbirda davlat attestatsiyasidan o‘tgan matbuot kotiblariga sertifikatlar topshirildi.