2024 yil 14-iyun. Toshkent. Yangi media ta’lim markazi hamda AQSh elchixonasi tomonidan amalga oshirilayorgan loyiha doirasida “Media orqali ayollar huquqlarini keng targ‘ib qilish: to‘siqlarni bartaraf etish va mediada mas’uliyatli yoritish” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Mahalliy va xalqaro ekspertlarni bir joyga jamlagan ushbu tadbirda – gender bilan bog‘liq masalalarni OAVda sifatli yoritishning o‘ziga xos jihatlari; gender-sezgir kontent yaratishda keyslar bilan ishlash masalalari; ayni mavzuda kontent yaratishda nimalarga e’tibor berish kerakligi; feminizm tushunchalari; ayollarga nisbatan zo‘ravonlik mavzusini yoritish; milliy media makonda gender tengligi va jurnalist mas’uliyati kabi bir qator masalalar muhokama qilindi.
Davra suhbatida ishtirok etgan AQShning O’zbekistondagi elchisi Jonatan Henik janoblari – O’zbekistonda gender bilan bog’liq masalalar, jumladan, ayollar obrazini mediada to’g’ri yoritish, ularning huquq va erkinliklari borasida keng ko’lamli ishlar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidlab o’tdi. Shuningdek, bu borada medianing o’rni muhim ekanligini qayd etdi.
Yig’ilganlar yuqoridagi dolzarb mavzular bilan bir qatorda – medianing gender stereotiplarini shakllantirishdagi hissasi; ayollarga nisbatan zo’ravonlik mavzusini OAVda to’g’ri yoritish masalasi, ayollar mavzusini yoritishda so‘z erkinligi va shaxsiy hayot daxlsizligi kabi mavzularda bahs-munozaralarda ishtirok etdilar.