Bugungi kunda axborot o‘ta qudratli kuchga aylanib ulgurdi va bu makonda o‘ziga yarasha kurash kechmoqda. Amerikalik siyosatshunos Jozef Nay o‘zining “Soft power” (“Yumshoq kuch”) asarida axborot qay darajada muhim qurol ekanligiga to‘xtalib, “axborot asrida siyosat bu hikoyada g‘olib chiqqanlarga tegishlidir”, deb yozgan edi.
O‘zbekiston ham borayotgan axborot kurashiga tayyorgarlik ko‘rishi lozim. Albatta, bunda mamlakat ichidagi mahalliy OAVlar va jurnalistika muhim o‘rin tutadi. “Daryo” O‘zbekistondagi OAV holati, jurnalistikaning asl funksiyalari hamda sohadagi nuqson va kamchiliklar haqida “Yangi media” taʼlim markazi direktori Beruniy Alimov bilan suhbatlashdi.
– Keling, suhbatimiz avvalida jurnalistika sohasiga endi qadam qo‘yayotgan yoshlar haqida gaplashsak. Bugun yetishib chiqayotgan yosh jurnalistlardan qanchalik ko‘nglingiz to‘ladi? Yosh jurnalistlarga jurnalistikaning asosiy tamoyillari va sohaning etika qoidalarini qanchalik o‘rgata olyapmiz?
– Hozirgi vaqtda jurnalistika sohasida etika qoidalari buzilayotganiga ko‘p guvoh bo‘lmoqdamiz. Professional nuqtayi nazardan ham men sohadan to‘liq ko‘nglim to‘layotgani yo‘q. Nazarimda, bizning jurnalistikamizda yutuqlardan ko‘ra, kamchiliklar ko‘proq. Shuning uchun ko‘proq o‘z ustimizda ishlashimiz kerak.
Agar etika nuqtayi nazaridan qarasak, bu olimlarimiz tomonidan juda chuqur o‘rganilgan. Kim bo‘lmasin, shu sohaga qadam qo‘ydimi, jurnalistikaning qonun-qoidalariga rioya etishi shart. Masalan, ustozimiz Xurshid Nabiyevich aynan jurnalist etikasi bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasi yozgan. U kishining kitoblari barcha joylarda bor. Hozirgi yoshlarning bir bahonasi bor, u ham bo‘lsa adabiyot yetishmasligi. Bundan tashqari, talabalar xorijiy tilni bilmasligini o‘qituvchilarga aytib qo‘yishadi. Vaholanki, o‘sha talaba o‘zbek tilidagi kitobni ham ochib ko‘rmagan bo‘ladi. Shu nuqtayi nazardan, jurnalistika sohasida taʼlim olayotgan talablar o‘qiyotgan bo‘lsa, u talabadan ko‘nglim to‘q. Ammo sohani tanlab, bilim olmay yurgan talabalar kelajakda o‘z-o‘zidan bu sohadan tushib qoladi. Yaʼni kadrlarning o‘zi elakdan o‘tadi.
– Bugungi kunda axborot o‘ta qudratli kuchga aylanib ulgurdi va bu makonda o‘ziga yarasha kurash bormoqda. O‘zbekiston jurnalistikasi va jamiyati bunday kurashlarga qanchalik tayyor?
– Biz XXI asr kirib kelayotganida jurnalist sifatida juda xursand bo‘lgan edik. Yaʼni XXI asr axborot asri, ana endi bizning asrimiz keldi, deb o‘ylagandik. Lekin bugungi kunga kelib jurnalistikaning jilovi qo‘limizdan chiqib ketdi. Sababi xalqimiz sifatli jurnalistikadan ko‘ra, bir yoqlama yoritilgan axborotga ko‘proq eʼtibor qaratmoqda. To‘g‘ri, odamlarni oldida o‘z ishonchimizni yo‘qotgan vaqtlarimiz ham bo‘ldi. Lekin endi bu ishonchni qaytib olishimiz zarur. Buni ko‘proq tahliliy, chuqur o‘rganilgan jurnalistik surishtiruvlarni xalqqa taqdim qilish orqali qaytarish lozim. Yaʼni oldi-qochdi axborotdan tiyilishimiz kerak. Bo‘lmasa, bu ketishda jurnalistika o‘z obro‘sini batamom yo‘qotishi mumkin.
Bugungi global dunyodagi axborot kurashiga O‘zbekistondagi jurnalistikaning o‘zi ham dosh bera olmayapti. Sababi axborot bosimi kuchli. Biz bir tomondan erkin harakat qilyapmiz, biroq sohada muammolar hali yetarli. Ikkinchi tomondan, o‘quvchi nuqtayi nazardan xalqimiz hali axborotni qaysi biri sifatli, qaysi axborot sifatsiz ekanligini bilmaydi. Chunki jurnalistlarning o‘zi baʼzida aldanib qolgan holatlari ko‘p. Jurnalist professional nuqtayi nazardan jamiyatni ham himoya qila olishi kerak.
– Jurnalistikaning funksiyalaridan biri bu — jamiyatni tarbiyalash hisoblanadi. Bugun ushbu funksiya qanchalik ishlamoqda?
– To‘g‘risini aytsam, bugun men O‘zbekistondagi jurnalistika o‘zining fundamental vazifa va maqsadlariga erisha olmayapti, deb o‘ylayman. Ayrim hamkasblarimiz O‘zbekistonda ochiqlik yetishmaydi, moliyaviy qiyinchiliklar mavjud, deyishi mumkin. Lekin 150 yil oldingi jadidlar, Stalin davrida va qayta qurish yillarida jurnalistika qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazib, kurashib kelgan. Jurnalistika “olma pish, og‘zimga tush”, deydigan soha emas. Agar shunday inson bo‘lsangiz, jurnalistikadan ketish kerak. Jurnalistika faqat kurash orqali oyoqqa turishi mumkin. Jurnalistikani ko‘plab davlat amaldorlariga, biznesmenlarga yoqmaydi. Bu tabiiy holat. Jurnalistika kimgadir yoqish uchun harakat qilmaydi. Bizni kimdir yaxshi ko‘rishi shart emas. Jurnalist faqat obyektiv maʼlumotni o‘quvchiga yetkazish bilan shug‘ullanish kerak.
– O‘zbekistondagi OAVlar ichida sariq matbuot vakillari ham bormi?
– Afsuski, bor. Bugun auditoriya jurnalistikaga aytganini qildirmoqda. Aslida, bunday bo‘lishi kerak emas. Soha vakillari nima muhim ekanligini anglab, informatsiya tayyorlab, xalqqa yetkazishimiz lozim. Oddiy misol tariqasida tushuntirsam. Misol uchun, uyda yosh bolangiz bor. Agar siz undan nonushtaga nima yeysan, deb so‘rasangiz, u muzqaymoq yeyman, deb javob beradi. Bola tushlikka ham muzqaymoq, kechasi ham muzqaymoq yeyishni istaydi. Lekin bola o‘sishi kerak, turli vitaminlarni isteʼmol qilishi zarur. Jurnalistlar axborot va tarbiyaviy masʼuliyatni bo‘ynimizga olganmiz. Odamlar shov-shuvli axborotni ko‘proq o‘qiyotgan ekan, deb sariq matbuot bo‘lish jurnalistika emas. Mayli, kamroq o‘quvchilar bizni mutolaa qilsin, lekin haqiqiy, o‘zimizning kuzatuvchilarimiz o‘qisin. Auditoriya son bilan o‘lchanmaydi. Sonning orqasidan quvish kerak emas. Jurnalistikada sifat birinchi o‘rinda turishi zarur. Axir so‘zning masʼuliyati bor.
– Bugun jamiyatimizda negativ axborotga qizish juda kuchli. Yaʼni odamlarga ko‘proq qandaydir fojia bo‘lgani qiziq bo‘lib qoldi. Bu jamiyat bilan bog‘liqmi yoki OAV jamiyatni shunga o‘rgatib qo‘ydimi?
– Oldinlari davlat idoralari matbuot uchun ancha yopiq edi. Masalan, Ichki ishlar vazirligi har oyda qancha avtohalokat bo‘layotgani to‘g‘risida statistika taqdim qilmas edi. Hozir bu maʼlumotlarni bemalol olasiz. Hozir jurnalistlar bundan o‘zini tiya olmay, qayerda qonli voqea yuz bergan bo‘lsa, shunday hodisalarni ko‘proq jamiyatga uzatmoqdamiz. Bu holat jamiyatdagi negativ axborotga bo‘lgan ochlikni kuchaytirib yubormoqda. Inson psixologiyasida qo‘rquvga nisbatan qiziqish mavjud. Chunki bizni yoshligimizdan qo‘rqitib kelishadi. Shuning uchun insonlar har doim qo‘rqinchli axborot izlaydi.
Bugun odamlarni obyektiv axborot ham qiziqtirmay qo‘ydi. Masalan, bir qishloqda maktab qurildi deb xabar berilsa, odamlar bunga oddiy munosabat bildiradi. Bunday holat faqat O‘zbekistonda yuz bermayapti, bu bosqichdan barcha mamlakatlar o‘tgan. Lekin bizda ushbu jarayon biroz cho‘zilmoqda. Hali oldi-qochdi axborotdan jamiyat to‘yadi. Ana shunda haqiqiy jurnalistika maydonga chiqadi.
– Bunday axborotga bizni jamiyat to‘yarmikan?
– Menimcha, to‘yamiz. Menga bir nechta huquqshunoslar “blogerlarni qanday qilib yo‘lga solish mumkin” deb savol berdi. Biz blogerlarning oldiga to‘g‘anoq bo‘lib chiqishimiz kerak emas. Ular yana ham erkin holda rivojlansin, maʼlum sohalarga ixtisoslashsin. Hozir ko‘plab blogerlar hokimlik yoki vazirliklarga yopishib olgan.
Blogerlar qayerda xato qilmoqda? Ular o‘z haq-huquqlarini bilmagan holatda xatoga yo‘l qo‘ymoqda. Shuning uchun biz blogerlarga to‘siq qo‘yishimiz kerak emas. Yaʼni biz blogerlarga huquqlarini tushuntirishdan charchamasligimiz lozim. Agar blogerlar o‘z huquqlarini bilsa, kamroq xato qila boshlaydi.
Ilmiy rahbarim Xurshid Nabiyevning bir gaplarini gipoteza sifatida keltiraman. U kishi “XXI asr axborot asri bo‘lsa, XXII asr axborot etikasi asri bo‘ladi”, deb aytgan edilar. Yaʼni XXII asrda bizga oid bo‘lgan axborotning barchasi internetga sizib chiqqan bo‘ladi. Keyin aqlni ishlatib, etika nuqtayi nazaridan harakat qilmasak, jamiyat inqirozga uchraydi. Biz axborot asrining o‘zini yeb tamom qilishini bir chetda kuzatib tura olmaymiz. Buning chorasini ko‘rishimiz shart.
– Odamlar nega muammolar haqida davlat tashkilotlariga emas, jurnalist va OAVga murojaat qilmoqda?
– Buning asosi mavjud. Birinchidan, davlat idoralari xalqimizni qoniqtiradigan darajada javob bera olmayapti. Buni tan olishimiz kerak. Ikkinchidan, xalq ko‘proq davlat idoralarini emas, balki jurnalistlarni o‘ziga yaqin tutadi. Yaʼni davlat daryoning bir tomonida bo‘lsa, jurnalistlar daryoning bu tomonida.
Hozir ko‘pchilik blogerlarga murojaat qiladi. To‘g‘ri, blogerlar muammoni ko‘taradi. Bugun ko‘proq aynan blogerlarga eʼtibor qaratilmoqda. Hatto baʼzi hokimiyatdagi axborot xizmati boshliqlariga blogerning ovozini o‘chirib kelish uchun topshiriqlar berilmoqda. Nazarimda, xalqimiz faqat blogerlarga murojaat qilishi o‘rinli emas. Agar maishiy muammolar bo‘lsa, boshqa gap. Lekin odamlar advokatga murojaat qilish kerak bo‘lgan vaziyatda blogerga murojaat qilmoqda. Vaholanki, ular ham tekinga ishlamaydi. Shu pulni odamlar professional advokatga bersa, menimcha, advokat ko‘proq yordam bera oladi. Masalan, sud adolatli hukm chiqarmagan bo‘lsa, blogerga borish shart emas. Yuqori instansiyaga murojaat qilish lozim. Chunki sudlar ham oppoq emas. Misol uchun, taftishdan keyin sud qarori o‘zgargan holatlar ham bo‘lgan. O‘ldirilgan odamlar oqlangan vaziyatlar bor. Qani bu yerda blogerlar? Shuning uchun odam ham bir narsani — dod solish bilan ish bitmasligini anglashi zarur.
Shuningdek, blogerlar jurnalistlarga o‘xshab etika kodekslarini ishlab chiqishlari lozim. Chunki ko‘plab blogerlar so‘kingan holda video olishadi. Axir ularni oila davrasida, qizlar va yoshlar tomosha qiladi.
– Ayrim davlat idoralarida shunday bir stereotip shakllanganki, jurnalist deganda kamchilik qidiradigan, muammo izlaydigan insonni tushunishadi. Nima uchun davlat idoralari bilan jurnalistlar o‘rtasida bunday tafovut yuzaga keldi? Buni qanday yo‘q qilsa bo‘ladi?
– Bilasizmi, jurnalistlarni hamma vaqt davlat idoralari yomon ko‘rgan. Bundan qo‘rqish kerak emas. Jurnalist kimgadir yaxshi ko‘rinishi uchun harakat qilmaydi. Jurnalist qo‘lida qalam bilan maydonga kirib keldimi, uning quroli shu. Jurnalist har ikki tomonga mikrofon tutgan holda xalqqa obyektiv maʼlumot taqdim etishi kerak. Agar shuning uchun jurnalistni yomon ko‘rishsa, nazarimda, bu yaxshi. Demak, jurnalistika hali tirik.
– Fake news (soxta xabarlar) yoki dezinformatsiya bilan qanday kurashish mumkin? Axborotni pullik qilish orqali dezinformatsiyaga qarshi kurashsa bo‘ladimi? Media bozori pullik kontent tayyorlashiga qanday qaraysiz?
– 10-15 yildan beri biz “obuna”, degan so‘zni negativ tarzda qabul qiladigan bo‘ldik. Buning o‘ziga yarasha sabablari mavjud. Agar siz o‘qiyotgan axborotingizga ramziy maʼnoda yarim chaqa to‘lasangiz, o‘sha axborot siz uchun yozilgan, siz uchun u mahsulot bo‘ladi. Agar axborotni tekinga qabul qilayotgan bo‘lsangiz, siz axborot berayotganlar uchun mahsulot hisoblanasiz. Chunki tekinga axborot tarqatayotgan inson sizning eʼtiboringizni reklama beruvchilarga pullaydi. Shuning uchun men yangi jamoatchilik yordamiga tayanadigan jurnalistikani qo‘llab-quvvatlayman. Masalan, Yaponiyadagi Nippon Hoso Kyokai (NHK, teleradiokorporatsiyasi)ga tomoshabinlar soliq to‘laganday kompaniyaga pul to‘laydi. Shuning uchun bu kompaniya tayyorlaydigan materialga hukumat aralasha olmaydi. Lekin Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH) davlatlarida bunday format mavjud emas.
Shunga o‘xshash yana bir non profit, non partisan journalism formati mavjud. Bu formatdan asosiy maqsad — reklama ortidan boyib ketish emas, balki haqiqiy jurnalistikani namoyish etish. Bizda bo‘lsa, ayrim mashhur saytlarimiz reklama proyekti sifatida maydonga kirib keladi. Va uning orqasida katta boyvuchcha akalar turadi. Asl jurnalistika na siyosiy, na iqtisodiy kuchlarni orqasidan oyoqqa turishi kerak. Odamlarning o‘zi, ramziy maʼnoda bo‘lsa ham, o‘qiyotgan axborot kanallariga pul to‘lashi lozim. To‘g‘ri, hozir kimdir endi o‘qiyotgan axborotimizga ham pul to‘laymizmi, deyishi mumkin. Ammo tez xulosa qilish kerak emas. Bepul ovqat odamning qornini og‘ritgani singari, bepul axborot odamga zarar yetkazishi mumkin.
– Siz O‘zbekiston prezidentining matbuot kotibi lavozimida bir muncha vaqt faoliyat yuritgansiz. Birinchi prezidentning jurnalistika sohasiga eʼtibori qanday bo‘lgan?
– Shu vaqtga qadar jami hisobda 8 ta joyda matbuot kotibi lavozimida faoliyat ko‘rsatganman. Men rahbarlarni ikki xil toifaga bo‘lgan bo‘lar edim. Birinchisi – jurnalistikaning jamiyatdagi o‘rnini tushunadigan rahbar. Ikkinchisi – tushunmaydigan rahbar. Men Islom Karimovni birinchi toifaga kiritaman. Chunki Islom aka nafaqat jurnalistikaning jamiyatdagi o‘rnini, balki prezident pool’idagi har bir jurnalistning ism-familiyasini bilar edilar. Misol uchun, men 2001—2005-yillarda prezident matbuot kotibi lavozimida ishlagan bo‘lsam, prezident pool’iga ayol jurnalistlarni olib kirganman. Shunda Islom aka hech qanday eʼtiroz bildirmaganlar.Bundan tashqari, bir kuni Islom aka mendan “ro‘yxatga kimlarni yozding”, deb so‘rab qoldilar. Shunda men “Alisherni yozdim”, deb javob berdim. Keyin Islom aka “Hoshimovmi yoki Azimovmi”, deya so‘ragan edilar. O‘shanda Islom Abdug‘aniyevich jurnalistlarni familiyasigacha eslab qolganliklarini bilganman. Hatto rossiyalik jurnalistlarning hammasini tanir edilar. Yaʼni Islom aka o‘quvchi sifatida ham jurnalistlarni kuzatib borar edi.
Yana bir voqea esimga tushdi. 2005-yilda yuz bergan Andijon voqealaridan keyin prezident devonida press-konferensiya tashkil qildik. Press-konferensiya yakuniga yetgach, Islom aka “bundan ko‘nglim to‘lmadi, bosh prokuraturada yana bitta press-konferensiya uyushtiringlar va barcha jurnalistlarni chaqiringlar”, dedilar. Shundan keyin bosh prokuratura binosida Andijon voqealariga bag‘ishlangan press-konferensiya tashkil qildik. Barcha xorijiy va o‘zimizdagi OAVlarni chaqirdik. Tadbir boshlangach, kutilmaganda zalga Islom Abdug‘aniyevich kirib keldilar-da, kelib mening oldimga o‘tirib, barcha jurnalistlarning savollariga ochiq javob berdilar. Agar Islom aka jurnalistika va OAVning jamiyatda o‘rni yo‘q, deb hisoblaganlarida, bu tadbirga kelmagan bo‘lar edilar. Islom Abdug‘aniyevich jurnalistlar bilan qanday ishlash kerakligini juda yaxshi bilar edi.
Jurnalist Sardor Ali suhbatlashdi.