Foto:
Bugun kun davomida hech bo‘lmasa bir marta yangilik o‘qimaydigan yoki eshitmaydigan odam topilmasa kerak. Ko‘pchiligimiz tongda uyg‘onishimiz bilan telefonimizni olib, turli platformalardan yangiliklar o‘qishni boshlaymiz. Ya’ni aksariyatimizda “yangiliklarga qaramlik” erta tongdanoq boshlanadi. Qizig‘i, buni reja asosida qilmaymiz, balki hammasi tabiiy jarayon — aqlimizdagi yangiliklarga ehtiyojdan.
To‘g‘ri, yangiliklardan xabardor bo‘lish, ularga munosabat bildirish ham insonning demokratik huquqlaridan biri, biroq tanganing ikkinchi tomonida aynan xabar-yangiliklar orqali inson psixologiyasiga ta’sir qilish missiyasi hamda noma’lum targ‘ibotlar turishini ham yoddan ko‘tarmaslik kerak, nazarimizda. Zero, har doim ham ongostini aql bilan boshqarib bo‘lmaydi.
Keling, kichik-kichik tahlillar qilib ko‘ramiz. Masalan, etikdo‘z har kuni ustaxonasiga keladi, kun davomida turli yangiliklarni o‘qiydi yoki eshitadi. Kecha eshitgan xabari bugun unga qiziq emas, sababi, tafakkurida yangilikka bo‘lgan ehtiyoj yangisini talab qiladi. Biroq kundalik yumushi doim bir xil — buyurtma qabul qilish hamda bajarish. Aksariyat holda o‘z faoliyatiga yangilik kiritish haqida umuman bosh qotirmaydi, negaki, uning ongidagi yangilikka bo‘lgan tug‘ma o‘chlik shu xabarlar orqali qoplanyapti. Bu — shaxsiy fojia.
Kunlarning birida hamkasbim bilan tushlik qilib o‘tirar ekanmiz, u bir shov-shuvliroq yangilikning “uchini chiqarib”, internetda tarqalganini aytdi. Menda bezovtalik boshlandi — nega ertalabdan buyon shuncha xabar o‘qib, aynan uni ko‘rmadim? Yoki e’tiborsizlik qildimmi? Ishonasizmi, shu yangilikni o‘qimaganimdan o‘zimni aybdor ham his qila boshladim. Ha, aynan aybdor his qildim o‘zimni! Axir bu yangilikning ishimga ham, hayotimga ham, qo‘yingki, menga umuman aloqador joyi yo‘q edi-ku? Nega bunday bo‘ldi? Men esa tezroq tushlik qilib bo‘lsak-da, shu yangilikni o‘qib olish payida o‘tirardim. Tashxis qo‘yishni esa sizga qoldirmoqchiman.
Bir safar avtobusda ikki maktab o‘quvchisining suhbatiga beixtiyor guvoh bo‘lib qoldim. To‘rt yoki beshinchi sinfda o‘qisa kerak. Suhbat mavzusi — okeanorti mamlakati. Ular bu yurtni shunchalik tasvirlayaptiki, yigitlar o‘sha yerda tug‘ilgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylaysan kishi. Xulosalari bunday: AQSHda pul topish oson, yashash arzon, xohlagan ishingni qila olasan, ya’ni bemalolsan. Bu dunyoqarash ularga qayerdan singib qolgani-ku aniq, biroq ularning yoshlikdan shunday xulosa bilan ulg‘ayishi fojianing o‘zi emasmi? Aynan yangiliklar orqali boylik bor yerda hamma narsa — vatanparvarlik ham, odamiylik ham ikkinchi darajali, degan tushunchalar singdirilayotgandek go‘yo. Vatanparvarlikni so‘ndirish kimga kerak?
Bu kabi tadqiqotlarni yana davom ettirish mumkin, biroq xulosalar oqidan qorasi ko‘pligini qayta-qayta isbotlayveradi. Xo‘sh, tug‘ma ehtiyojga o‘xshaydigan xabarxo‘randalik bizga nima uchun kerak? Vaqt o‘tkazish uchunmi? Yoki ular hayotimizni rang-baranglashtiradimi? Balki axborot qabul qilishning ham o‘z iste’mol me’yorlari bordir? Shu savollar bilan filologiya fanlari doktori, taniqli jurnalist Beruniy Alimovga murojaat qildik.
— Axborotning ko‘payib ketishi “axborot bulimiyasi”ni ko‘paytirmoqda, ya’ni insonlarni tobora yangilikka o‘ch qilib qo‘ymoqda, — deydi B.Alimov. — Ertalab turib yangilik qidiramiz, yo‘l-yo‘lakay yangilik qidiramiz, uxlaguncha yangilik qidiramiz — butun kunimiz yangilik izlash bilan o‘tadi-ketadi. “Bulimiya” so‘zining ma’nosini qisqacha tushuntirsak, ovqat yeb, biroq to‘yish hissini tuymaydiganlar aynan shunday tashxislanadi. Ko‘pchiligimiz axborot iste’molida aynan shu kasallikka chalinganimiz haqiqat.
Hammamiz ovqat uchun pul to‘laymiz, boshqa xizmatlardan foydalanish uchun pul to‘laymiz, biroq nega axborot iste’moli uchun pul to‘lamaymiz? Nega axborotni pala-partish iste’mol qilishni o‘zimizga ravo ko‘ramiz? Ishonchsiz ma’lumotlar, noto‘g‘ri tahlillar psixologiyamizga qanchalik salbiy ta’sir etishidan xabarimiz bormi? Shu o‘rinda, men obuna masalasining qanchalik ahamiyatga ega ekanini tushungandek bo‘laman. Aynan biz to‘g‘ri axborot iste’mol qilish uchun ishonchli manbalarga obuna bo‘lmas ekanmiz, dezinformatsiyalar hamda missinformatsiyalar ongimizni zaharlashda davom etaveradi.
Yurtdoshlarimiz orasida iste’mol madaniyati qanday? Aslida, demokratik jamiyatlarda u qanday bo‘lishi lozim? Bu borada ham Beruniy Alimovning mulohazalariga quloq tutamiz:
— Demokratik jamiyat qurish yo‘lidan borar ekanmiz, axborot oqimini cheklay olmaymiz. Biroq xalqimizning axborot iste’moli madaniyati hamon oqsoq. Yurtdoshlarimiz hanuz bilib-bilmagan, tekshirilmagan hamda manbasi aniq bo‘lmagan yangiliklarni qabul qilishda, ularni tarqatishda davom etmoqda. Bu oxir-oqibat tushunmovchiliklar hamda ruhiy tushkunliklarni keltirib chiqarishi turgan gap.
Albatta, haq mulohazalar. Chindan ham biz yangiliklarning to‘g‘ri-noto‘g‘ri ekaniga emas, bizni qanchalik hayratga solishiga e’tibor berib qoldik. Salbiy yangiliklar oqimi shunday shiddatliki, uning nuqsi tabiatimizga ham urgandek. Buni bir tomonlama yondashuv, dersiz, biroq to‘g‘ri iste’molni o‘rganmas ekanmiz, tanganing ikki tomoni ham salbiy ifodani aks ettiraveradi. Muammo ana shunda.
Xabarlar, asosan, rasmiy sahifalar, xalqaro axborot agentliklari hamda katta-kichik xususiy manbalar tomonidan tarqatiladi. Rasmiy manbalarda-ku aniq maqsadlar hamda faoliyat aks etishi ravshan, biroq xalqaro axborot agentliklari yangilik ulashish ortidan qanday maqsadlar ko‘zlaganini tushunish mushkulroq. Ilgari ular faqatgina ulkan auditoriya uchun harakat qilgan bo‘lsa, ayrimlari bugun katta kuchlarning istak-irodalarini amalga oshirishda kamarbasta bo‘lmoqda. Afsuski, ular qanday kuchlar va aniq maqsadlari nima, orada qanday kelishuvlar mavjud — bularni oddiy o‘quvchi bo‘lib ochiqlay olmaysiz.
Shunchaki tabiiy sodir bo‘lgandek ko‘rinuvchi hodisalar uyushtirilishi hamda “tarqatuvchilar” jarayonni yoyishni zimmalariga olgan bo‘lishi mumkin. Buning nomi — targ‘ibot. Aynan shu usul orqali udumga aylangan yuzlab illatlar mavjud, desak buni tarix tasdiqlaydi.
Uchinchi oqim — yakka va xususiy manbalardan tarqaluvchi yangiliklar. Eng “bolalovchi” xabarlar ham aynan shulardan yoyiladi. Ko‘p hollarda ularning maqsadi — shov-shuvlar orqali o‘z auditoriyasini oshirish hamda muttasil daromad manbaiga ega bo‘lish. Achinarlisi, ular bu yo‘lda shaxsiy daxlsizlik, millatparvarlik chegaralarini toptab o‘tishgacha borishi mumkin. Medianing eng jirkanch usullaridan foydalangan manbalar, tabiiyki, katta qiziqish bilan o‘qiladi. Axir odamzod nafsi tabiatan “qonli tomoshalar”ga, tanqidga moyilligini ilm-fan isbotlab bo‘lgan.
Yangiliklarga qaram bo‘lib qolish oqibatlarini o‘rganish uchun psixologlarning bu boradagi fikrlari bilan qiziqdik. Afsuski, xulosalar ijobiy emas. Biz ataganimiz xabarxo‘randalik, yoshidan qat’i nazar, har bir insonning shijoatini butunlay so‘ndirishgacha, umidsizlik girdobiga cho‘ktirishgacha olib borishi mumkin. Shu o‘rinda, bu jarayon kattalarga qanday ta’sir etadi, bolalarga qanday ta’sir etadi, degan alohida-alohida tahlildan voz kechamiz. Chunki zarar barchaga birdek!
Xabarxo‘randalikning yana bir salbiy oqibati shuki, vaqtni boshqarish prinsipi butkul izdan chiqib ketadi. Siz bo‘sh vaqtingizning asosiy qismini shaxsiy rivojlanishga emas, yangilik o‘qishga ajrata boshlaysiz. Bu “ajratish” borgan sari ko‘payadi. Faqat voqea-hodisalarga o‘rgangan tafakkur badiiy yoki kasbiy kitoblar mutolaasidan umuman zavq olmay qo‘yadi. Axir diqqat-e’tiboringiz allaqachon real vaqt bilan qadam-baqadam harakat qilishga moslashib bo‘ldi, sizga umuman aloqador bo‘lmasa ham.
Xo‘sh, xabarxo‘randalik zarar ekan, undan qanday himoyalanish kerak?
Bu borada bizda takliflar bor.
- Eng avvalo, buni o‘zingizdan boshlang. Siz nimalarni o‘qiyapsiz, ular o‘zi sizga nima uchun kerak? Kasbingizga, umuman, hayotingizga taalluqli joylari bormi? Shu savollar bilan o‘zingizni chuqur tahlil qiling. Shubhasiz, natijada o‘nlab, hatto yuzlab manbalar sizga keraksiz bo‘lib chiqishi mumkin. Keraksiz narsalarni esa saqlashdan ne naf? Ulardan voz keching.
- Ikkinchidan, xabar o‘qishda ham xuddi ovqatlanishda parhez qilganingiz kabi yo‘l tuting. Buning o‘rniga badiiy asarlar, tahliliy maqolalar o‘qishni odatga aylantiring. Siz butun dunyoda bo‘layotgan voqealarni bilishga majbur emassiz, biroq ma’naviy dunyongizni yuksaltirishga mas’ulsiz. Endi o‘ylab ko‘raylik, qay birining foydasi ziyoda?
- Uchinchidan, tekshiruvchan bo‘ling. Rasmiy, deb yozilgan xabarlarning hammasi ham rasmiy bo‘lmasligi, aniq, deyilgan manbalarning ildizi umuman noma’lum bo‘lishi ham mumkin. Bu borada eng maqbul yechim — taqqoslab ko‘ra bilish. Aynan taqqoslash guruchni kurmakdan ajratadi.
- To‘rtinchidan, farzandlaringizga axborot iste’moli madaniyatini o‘rgating, yangiliklarni qaysi manbalardan olyapti, u manbalar nimalarni targ‘ib qilmoqda, muntazam tekshirib turing. Zero, cheksiz internet maydonida XXI asrning asosiy quroli bo‘lgan axborotdan o‘zingizni faqat o‘zingiz himoya qila olasiz.
G‘animat umrimizni mazmunli o‘tkazib, tafakkurimiz zaharlanishiga qo‘yib bermaylik, farzandlarimiz axborot quli emas, ijobiy yangiliklar mavzusi bo‘lib voyaga yetsin.
Jonibek ALIJONOV,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri
(“Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 2024-yil 10-fevral, № 30)