Milliy kontent yaratish nega dolzarblashdi?

Milliy kontent yaratish nega dolzarblashdi?

Bugungi globallashuv jarayoni tabiiyki, ilmiy-texnikaviy yutuqlar bilan birga ayrim salbiy holatlarni ham keltirib chiqarmoqda. Jumladan, jarayonda milliy qadriyat, ma’naviyat, urf-odat, an’ana va tariximiz, o‘zligimiz kuchli sinovdan o‘tmoqda. Ayniqsa, axborot xurujlari eng katta tahdidlardan biriga aylandi. Shu ma’noda axborot xavfsizligini ta’minlash milliy xavfsizlik sohasidagi muhim vazifa bo‘lib qolmoqda. Ayni mana shunday qaltis vaziyatda unga qarshi kurashishda milliy kontent yaratish, uni to‘g‘ri shakllantira olish muhim. Shu bois,  Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil 12-yanvar kuni Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida axborot xavfsizligi masalalariga to‘xtalib, O‘zbekiston axborot makonida milliy kontent yaratishdagi tashabbusni saqlab qolishi kerakligi haqida gapirdi. Xo‘sh, davlat rahbari tilga olgan milliy kontent tushunchasi o‘zi nima? U qanday bo‘lishi kerak?

Bu o‘rinda milliy kontent deganda O‘zbekistonning milliy manfaatlarini ko‘zlagan tarzda dunyo va mamlakat ichidagi voqea-hodisalarga xolis baho bera oladigan axborot maydoni nazarda tutilyapti. Demak, milliy kontent, bu — O‘zbekiston ichidagi sifatli mediamakon, deyish mumkin. Unga ehtiyoj har doim bo‘lgan.

Agar biz milliy kontent yaratmasak, odamlarimiz chetdan axborot olishga majbur bo‘ladi. Vaholanki, tashqaridan turib yoritilgan axborot har doim to‘g‘ri bo‘lavermaydi. Shuning uchun hozir milliy kontent yaratish yanada dolzarblashdi. Chunki biz erkin axborotlashgan jamiyat quryapmiz. Oldingi davrlardagidek, mana bu oq, mana bu qora, deydigan davrdan o‘tib bo‘ldik.

Endi har bir o‘quvchi axborotni  o‘zi tanlaydi. Nima qiziq bo‘lsa, nimaga ishonsa, o‘shani o‘qiydi. Demak, jurnalistlarimiz yana oldingidek, tekshirilmagan axborot yoki qiziq bo‘lmagan mavzularda maqola yozishni davom ettirishsa, albatta, buni o‘quvchi o‘qimaydi. Ular nimani xohlayotganini bilish kerak, biroq berish shart, deganimas. Chunki jurnalistikaning yana bir talabi aholi nimani so‘rasa, nimani talab qilsa, o‘shani berish emas. Balki aholi ongi, dunyoqarashini kengaytiradigan, ularga naf keltiradigan maqolalar tayyorlash va xaqchil tarzda yetkazish mas’uliyatini bo‘yniga olishidir. Faqat o‘yin-kulgu, ko‘ngilochar yoki negativ axborotlar, albatta, odamlarni psixologik jihatdan ko‘proq qiziqtiradi. Ammo shu bilan birga haqiqiy obyektiv yoritilgan mavzularni ko‘tarish orqali milliy kontent sifatini oshirish lozim. Men bu o‘rinda faqat maqtov, balandparvoz chaqiriqlar bilan yo‘g‘rilgan maqolalar, ko‘rsatuvlar tayyorlashni nazarda tutmayapman. Bunga mutlaqo qarshiman. Aksincha, endi sifatli kontent tarkibidan tahlil asosiy o‘rin egallashini istardim.

Mavzu doirasida takliflarimni bildirib o‘taman. Ma’lumki, informatsion dunyoda feyk axborotlar ko‘payib ketyapti. Oddiy o‘quvchi emas, jurnalist, blogerlarimizning o‘zi bilib-bilmasdan, tekshirilmagan axborotni tarqatib qo‘ymoqda. Bundan keyin xavf yanada ortsa ortadiki, kamaymaydi. Chunki mediamakonga sun’iy aql kirib kelmoqda. Masalan, oldingi davrlarda faqat fotoshop qilingan, rasm yo videokontent o‘zgartirilgan ekan, derdik. Ya’ni maqoladagi soxtakorlikni oson ilg‘ab olardik. Bugungi kunda sun’iy aql yordamida qayta ishlangan ovozni oddiy muxbir sifatida farqlay olmasligimiz mumkin.

Yaqinda Parijda tashkillangan mediasavodxonlik mavzusidagi xalqaro anjumanda shu mavzu ko‘tarildi. Dunyoning 35 mamlakatidan 400 nafar mutaxassis ishtirok etgan xalqaro konferensiyada feyk xabarlardan himoyalanish, tahririyatda faktchekingni yo‘lga qo‘yish taklifi ilgari surildi. Bu tajribani bizda ham joriy etish fursati keldi.

Qolaversa, milliy kontent yaratish g‘oyasini ayrim jurnalist va blogerlar noto‘g‘ri tushunib, nazorat, deb talqin qilishyapti. Bu — xato xulosa. Milliy kontent aslo erkin matbuotni nazorati emas. Agar shunday qabul qilishayotgan bo‘lsa, muammo sifatida qarashmasin.  Chunki matbuot har doim o‘z erkinligi uchun kurashib kelgan. Buning poydevori sifatli kontent yaratish. Shunday ekan avvalo, shu haqida bosh qotirsak to‘g‘ri bo‘ladi.

Beruniy ALIMOV,
“Yangi media ta’lim markazi” NNT direktori,
filologiya fanlari doktori.

“Mahalla” gazetasi. 08.02.2024-yil.