Аdliya vazirligi NNT‘larni qoʼllashda davom etadi

Аdliya vazirligi NNT‘larni qoʼllashda davom etadi

Milliy matbuot markazida Аdliya vazirligi masʼul xodimlari ishtirokida “Nodavlat notijorat tashkilotlari sohasidagi yangi tartiblar va oʼzgarishlar” mavzusida matbuot anjumani boʼlib oʼtdi.

Matbuot anjumanida OАV vakillari, mustaqil jurnalist va blogerlar ishtirok etdi.

Mamlakatimizda erkin fuqarolik jamiyatini shakllantirish, inson huquqlarini, qonuniy manfaatlarini, demokratik qadriyatlarini samarali himoya qilish, aholining siyosiy madaniyati va huquqiy ongini oshirish yoʼlida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Koʼrilayotgan choralar natijasida nodavlat notijorat tashkilotlari soni yildan yilga ortib bormoqda, davlat tomonidan ularni moddiy qoʼllab-quvvatlash koʼlami oshirilmoqda, shuningdek, ularning ijtimoiy faolligi oʼsib bormoqda.

Xususan, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish sohasida nodavlat notijorat tashkilotlarini roʼyxatdan oʼtkazish jarayonini soddalashtirish, ularning faoliyatini takomillashtirish boʼyicha quyidagi ishlar amalga oshirildi:

– nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat roʼyxatidan oʼtkazish toʼgʼrisidagi arizani koʼrib chiqish muddatlari ikki oydan bir oyga qisqartirildi;
– joriy etilgan axborot tizimlari NNTlarni qayta roʼyxatdan oʼtkazish, shuningdek, ularning ramzlarini roʼyxatdan oʼtkazish muddatini ikki baravarga – 15 kungacha qisqartirish imkonini berdi (PP-5012);
– respublika NNTlarini davlat roʼyxatidan oʼtkazish uchun undiriladigan davlat boji stavkalari BHMning 4 baravaridan 3 baravariga, viloyat nodavlat notijorat tashkilotlari uchun – 2 baravaridan 1 baravariga pasaytirildi (PQ-4473-son, 04.10.2019 yil);
– NNTlarni tugatish yoki faoliyatini toʼxtatish faqat sud qarori asosida amalga oshiriladi;
– NNTlar oʼz tadbirlari/dasturlarini oʼtkazish boʼyicha xabardor qilish tartibiga oʼtganiga 4 yil boʼldi (PF-5430, 04.05.2018 y.), natijada ular oʼz faoliyatlarida haqiqatdan ham erkinlikni his qilishadi;
– nodavlat notijorat tashkilotlarining moliyaviy erkinligi kengaytirildi, endilikda ular bir kalendarь yilidagi jami summasi bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravarigacha boʼlgan pul mablagʼlarini olishda roʼyxatdan oʼtkazuvchi organni xabardor qilishi kifoya;
– xorijiy donorlardan pul mablagʼlarini olish tartibi soddalashtirildi, NNTlar grant mablagʼlarini istalgan banklardagi hisob raqamlariga qabul qilish imkoniyatiga ega boʼlishdi.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining PF-6181-son Farmoni bilan tasdiqlangan Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kontseptsiyani amalga oshirish natijasida:
– 2021 yilda fuqarolik jamiyati institutlarini qoʼllab-quvvatlash hajmi davlat tomonidan 2020 yilga nisbatan 2 baravarga oshirilib, 75,8 mlrd. soʼmga yetkazildi.
Buning natijasida 2021–2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kontseptsiyasiga asosan 2025 yilda erishiligi lozim boʼlgan koʼrsatkich 2021 yilning oʼzida 20 foizga oshirib bajarildi.
– 150 nafar nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari uchun Davlat boshqaruvi akademiyasida malaka oshirish kurslari tashkil etildi;
– Manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish uchun nodavlat notijorat tashkilotlariga byudjetdan tashqari mablagʼlari hisobidan beriladigan davlat ijtimoiy buyurtmalarining 2021–2023 yillarga moʼljallangan rejalari tasdiqlanib, ular doirasida 50 dan ortiq ijtimoiy buyurtmalar bajariladi;
– nodavlat notijorat tashkilotlariga 2021 yilning oʼzida 11 mingdan ziyod davlat xizmatlari elektron shaklda koʼrsatildi;
– Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining ochiqlik standarti (indeksi) ishlab chiqilib, Standart asosida yilning eng shaffof NNTlar Top-20 taligi eʼlon qilindi;
– Shaffof xayriya va homiylik tizimini yoʼlga qoʼyish maqsadida “Shaffof xayriya” (shaffofxayriya.uz) portali ishga tushirildi;
– volontyorlik faoliyati hisobini olib borish va yoʼnaltirish imkonini taʼminlovchi unions.uz yagona interaktiv portali ishga tushirildi;
– hududlarda “Nodavlat notijorat tashkilotlari uylari” tashkil etilib, 500 taga yaqin nodavlat notijorat tashkilotlarining bino bilan bogʼliq muammolari hal etildi.

Аdliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʼlimi