Trenerlar uchun trening

Trenerlar uchun trening

2022 yil 8-11 mart kunlari Toshkentda media trenerlar tayyorlov kursi o‘tkazildi. “Yangi media ta’lim markazi” nodavlat notijorat tashkiloti AQSh Global media agentligi (USAGM) bilan hamkorlikda tashkil etgan ushbu treningda respublikamiz poytaxti va viloyatlaridan kelgan 8 nafar jurnalist ishtirok etdi.

4 kun davomida xalqaro trenerlar Oleg Xomenok va “Amerika ovozi” (VOA) jurnalisti Navbahor Imamova ommaviy axborot vositalari xodimlarining malakasini oshirish uchun qanday dasturlar zarurligi to‘g‘risida mashg‘ulotlar olib bordi. Nazariy talablar va amaliy qoidalar muhokama qilindi. Media trenerlar ega bo‘lishi kerak bo‘lgan ko‘nikmalar o‘rgatildi. Xalqaro me’yorlar, tamoyillar va tushunchalar to‘g‘risida bilim berildi.

“Shohjahon” mehmonxonasida o‘tgan seminarda ishtirokchilar o‘zlari tanlagan mavzularda trening loyihalarini ishlab chiqishdi va taqdim etishdi.

Mazkur trening 2020-2021 yillarda USAGM tomonidan biznes jurnalistika mavzusida Toshkent, Farg‘ona va Samarqand shaharlarida o‘tkazilgan qator treninglarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Qatnashchilar o‘sha seminarlarda ishtirok etgan 150 nafarga yaqin jurnalist orasidan tanlandi.

Trening yakunida AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi diplomatlari bilan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Mehmonlar trener bo‘lish uchun tayyorlangan mutaxassislarning seminardan olgan yangi bilim va ko‘nikmalari haqida tinglashdi.

Har bir qatnashchi kursni muvaffaqiyatli yakunlab, USAGM sertifikatiga ega bo‘ldi.