«Slovo Kirgizstana» (Qirg‘iziston so‘zi) umummilliy gazetasining elektron platformasida «Yangi media» ta’lim markazi direktori Beruniy Alimovning «O‘zbekistondagi islohotlar va ommaviy axborot vositalari» sarlavhali tahliliy maqolasi chop etildi.
Muallifga ko‘ra, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda OAV sohasida, xususan, jamoatchilik nazorati, davlat organlari faoliyati shaffofligini ta’minlash, jamoatchilik fikrini shakllantirish va demokratik qadriyatlarni mustahkamlash borasida juda katta o‘zgarishlar yuz berdi.
B.Alimov maqolada O‘zbekiston Prezidentining tegishli Farmoni bilan davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta’minlashda jamoatchilik uchun muhim va ochiq ma’lumot sifatida taqdim etilishi lozim bo‘lgan axborotni ochiqlamaslik, ijro muddati va e’lon qilish tartibiga rioya qilmaslik yoxud soxta xabarlarni yetkazganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilangani mamlakatdagi izchil islohotlarni aks ettirishini ta’kidlagan.
Shuningdek, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitusiyasida ham OAV erkinligi va ushbu erkinlikning kafolatlanishi qat’iy mustahkamlanganini qayd etgan.
Tahliliy maqolada, shu jumladan, davlat miqyosidagi islohotlarni jamoatchilikka tezkor, xalqchil, xolis va sifatli yetkazishda Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligining roli alohida e’tirof etilgan:
– Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi davlat organlari matbuot kotiblari bilan birgalikda fuqarolar murojaatlariga, shuningdek, media makonda tanqidiy va keng muhokama qilinadigan mavzularga tezkor munosabat bildirish mexanizmini yo‘lga qo‘ydi. Ushbu hamkorlikdagi ishlar doirasida aniqlangan materiallar bo‘yicha OAVda, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda 10 mingdan ortiq javob hamda ekspertlar fikri e’lon qilingan, – deyiladi maqolada.
Muallif ta’kidlaganidek, ushbu chora-tadbirlar mahalliy ommaviy axborot vositalariga jamoatchilik nazorati vazifasini faol bajarishlariga imkon yaratdi.