Insoniyat o‘z sivilizatsiyasining shunday bir nuqtasidaki, kommunikatsiya texnologiyalarining shiddatli rivojlanishi barobarida u axborot erkinligining kishilik tarixida misli ko‘rilmagan cho‘qqisiga yetdi.
Shu bilan birga, hozirgi holat yangi muammolarni keltirib chiqardi. Axborot maydonidagi tezkorlik va yangi erkinliklar tekshirilmagan axborotlarning kutilmagan darajada keng tarqalishiga zamin yaratib berdi.
Aslida jurnalistika maktablarida har qanday statistik ma’lumotni kamida 3 ta mustaqil manbadan tekshirib ko‘rib, keyingina uni OAV orqali uzatish mumkin, deb tavsiya beriladi. Biroq, bugungi kunda nafaqat manbalarni, balki media kanallarning o‘zini ham faktcheking qilish ehtiyoji paydo bo‘ldi.
Yolg‘on axborot tarqatish nafaqat jurnalistikaning, balki butun jamiyatning jiddiy muammosiga aylandi. Shu sabab, bu mavzuga milliy qonunchilikda ham, jurnalistlar kasb etikasida ham alohida e’tibor qaratilayotgani bejizga emas.
Bu masalaga butun dunyodagi kabi barcha Markaziy Osiyo mamlakatlari, shu jumladan, O‘zbekistonda ham jiddiy e’tibor berila boshlandi. Jurnalistlar uchun faktcheking kurslari doimiy ravishda tashkil etiladi boshlandi.
Mazkur yo‘nalishda milliy NNTlar, xususan, Yangi media ta’lim markazi, Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi va Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi tomonidan qator loyihalar mamlakat bo‘ylab amalga oshirilmoqda. Ushbu trening va seminarlarni muvaffaqiyatli tashkil etishda nufuzli xalqaro tashkilotlar, yetakchi jamg‘armalar va markazlar, jumladan, YUNESKO, Yevropa Ittifoqi, USAID, Deutsche Well, BBC Academy, Internews va qator tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik yaxshi samara bermoqda.
Xususan, jurnalistlar uchun O‘zbekistonda tashkil etilgan eng birinchi MOOC formatidagi kurs ham aynan faktcheking masalasiga bag‘ishlandi. Bu muammoni hal etishga qaratilgan qator o‘quv qo‘llanmalari ham chop etildi.
Umuman olganda bu borada xalqaro tajribani o‘rganish, uning eng yaxshi natijalarini O‘zbekistonga tadbiq etishga alohida harakat qilinmoqda. Masalan, 2022 yilda bir guruh o‘zbek jurnalistlari Bryusselda Dezinformatsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Yevropa Ittifoqi tomonidan tashkil qilingan o‘quv seminarida qatnashib keldi.
2023 yil iyul oyida Parijda 45 mamlakatdan kelgan 300dan ziyod jurnalistlar uchun “Better information for better tomorrow” nomli forumda ham jurnalistlarimiz faol ishtirok etib, xalqaro tajribani o‘rganib qaytdi.
Bundan tashqari, har yili Markaziy Osiyo jurnalistlari ham faktcheking muammosi bo‘yicha tajriba almashish maqsadida mintaqaviy konferensiyalar tashkil etib turishi yaxshi an’anaga aylandi.
2022-2023 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekistondagi nafaqat jurnalistika fakultetlari, balki barcha universitetlarning talabalari uchun ham o‘quv dasturlari yaratilib, alohida amaliyotga kiritildi. Manbalarga ko‘ra, Germaniya universitetlarida bu borada juda salmoqli tajriba to‘plangan.
Yuqoridagi sa’y-harakatlardan tashqari keyingi yillarda faktcheking bilan shug‘ullanadigan alohida tahriyatlar ham ish boshladi. Ular qatorida “Factchecking.uz” sayti haqida alohida to‘xtalib o‘tish mumkin.
Tahririyat jamoasi tarkibiga ijtimoiy, iqtisodiyot, madaniyat, siyosat va boshqa sohalarni yoritishda tajribaga ega professional jurnalistlar kiritilgan. Jamoa 2019 yilning so‘ngida O‘zbekistonda birinchi faktlarni tekshirish manbasini ishga tushirishga qaror qilgan.
Tahririyat jamoasining ishonishicha, O‘zbekistonda birinchi marta faktlarni tekshiruvchi manbaning paydo bo‘lishi o‘quvchilarga ishonchli manbadan tasdiqlangan mustaqil ma’lumotlarni olishga imkon berdi. Feyk tarqatuvchilarni va “baland ovoz” bilan bayonot beruvchilarni ehtiyot bo‘lishga o‘ziga xos turtki ham bo‘ldi.
E’tiborli jihati shundaki, ushbu loyiha hech qanday tarzda davlat organlari, davlat sektori kompaniyalari va tijorat tashkilotlari bilan shartnoma yoki og‘zaki majburiyatlar yo‘q.
“Factchecking.uz” jamoasining asosiy maqsadi O‘zbekiston media hududida yolg‘on ma’lumotlarga, axborot manipulyatsiyasiga, soxta yangiliklarga qarshi kurashishdan iborat. Tahririyat vazifasi ijtimoiy ahamiyatga ega va shov-shuvli yangiliklar, faktlar, raqamlar, shuningdek, jamoat arboblarining bayonotlarini doimiy ravishda monitoring qilish va tekshirishdir.
Faktchekingda kimlar ishtirok etishi mumkin? Har qanday o‘quvchi, jurnalist, bloger, mutaxassis tahririyatga o‘zlarining taklif va mulohazalarini yuborishlari mumkin. Jamoa har doim muloqotga, hamkorlikka va o‘zini rivojlantirishga tayyor ekanini bildiradi.
Biroq, O‘zbekistonda o‘quvchilar soni Markaziy Osiyo mintaqasidagi boshqa qo‘shni davlatlardan ancha ko‘p ekanligini inobatga olsak, faktchekingga ixtisoslashgan tahririyatlar sonini bir necha bor ko‘paytirish zarur. Shuningdek, bu yo‘nalishdagi xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, yangi qo‘shma loyihlarni ishlab chiqish va joriy etish zarur.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, O‘zbekistonda so‘z erkinligi va faktcheking masalasida mahalliy jurnalistlar dunyo tajribasini o‘rganishda davom etishlari kerak. Chunki bu masala yaqin yillarda yanada dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Beruniy Alimov,
Yangi media ta’lim markazi NNT direktori,
filologiya fanlari doktori.